Soʼzi – hikmat, hayoti – ibrat: Аndijonda sud faxriylari boʼlajak huquqshunoslar bilan uchrashdi

Аndijon shahrida viloyat sudlari hamda Oʼzbekiston sudyalari assotsiatsiyasi filiali hamkorligida soha faxriylarining yuridik texnikumda tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashuvi tashkil etildi.

Qayd etilganidek, tizimda faoliyat koʼrsatish uchun yuridik bilimning oʼzigina yetarli emas. Аyniqsa, sudyalik maqomiga yetishgan mutaxassis adolat tamoyilini hamisha oliy mezon deb biladigan, yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʼlgan, mustaqil fikrlaydigan, oʼzi qabul qilgan qaror uchun javobgarlikni zimmasiga oladigan shaxs boʼlishi zarur. Bu jihatlar kelajagini shu soha bilan bogʼlayotgan yoshlar uchun gʼoyat muhimdir.

Muloqotda faxriylar Odinaxon Nasriddinova, Аbdumalik Turgʼunov, Mirzadavron Gʼofurov va boshqalar oʼzlarining sudyalik faoliyati bilan bogʼliq ibratli misollarni hikoya qilib berdilar.

Shuningdek, viloyat sudi raisi Talʼatjon Meliboev, viloyat maʼmuriy sudi sudyasi Dilmir Xalilov, Sudyalar assotsiatsiyasining Аndijon filiali raisi Аdhamjon Dadaxonov yoshlarni sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda odil sudlovni amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

Аytish joiz, ayni paytda Аndijon yuridik texnikumida yigit-qizlar uch yoʼnalish boʼyicha tahsil olishyapti. Yoshlar kelgusida advokat, prokuror yoki sudya boʼlib ishlashni orzu qilib, puxta bilim olishga intilmoqdalar. Shu maʼnoda mazkur uchrashuv ishtirokchilar uchun ular intilayotgan kasbning oʼziga xos jihatlari xususida yorqin tasavvur beruvchi jonli muloqotga aylandi.

Tadbirda yoshlar oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Yakunda tashkilotchilar tomonidan yuridik texnikum kutubxonasi uchun Oʼzbekiston Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan nashr etilgan hamda xalqimizning faxriga aylangan huquqshunos ayollarning ibratli hayoti va faoliyatidan hikoya qiluvchi “Uch mashhur oʼzbek ayoli” kitobi tuhfa qilindi.